Toshkentning Shayxontohur tumani FHDYO bo‘limi qoshida «Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi"ochildi, deya xabar qildi O‘zA. U «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi, Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi.

«Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi» mustahkam va namunali oilalar ko‘payishiga sezilarli hissa qo‘shishiga shubha yo‘q. Bu yerda bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar uchun oilaviy munosabatlarning ma’naviy-axloqiy asoslari, oila iqtisodiyoti, ro‘zg‘or va byudjetini yuritish, oiladagi ijtimoiy muhim, nikoh munosabatlari, sog‘lom turmush tarzi, gender masalalari, oilaviy munosabatlarni uyg‘unlashtirish va nizolarning oldini olish, muloqot madaniyati, huquqiy munosabatlar, oilani idora etish kabi masalalar yuzasidan mahorat darslari o‘tiladi", — deyiladi xabarda.

«Mavjud o‘quv dasturlaridagi ma’lumotlar ilmiy-uslubiy jihatdan, ya’ni milliy qadriyatlar asoslarining zamonning fan va jamiyat taraqqiyoti tendensiyalari bilan, psixologiya va boshqa ijtimoiy-huquqiy sohalardagi yangiliklari — innovatsiyalari bilan uyg‘un holda amalga oshiriladi. Qizlar uchun „Oila“ markazi tomonidan ishlab chiqilgan „Oila saboqlari“ mobil ilovasi, kelin-kuyovlar uchun ilk bor tayyorlangan „Mustahkam oilaga yo‘llanma“ yon daftarchalari yoshlar kelajagi uchun alohida ahamiyatga ega», — deya qayd etdi O‘zA.

Innovatsion maktabda mavjud an’anaviy maktablardan farqli ravishda bo‘lg‘usi kelin-kuyovlarni o‘qitish, yakka holda mutaxassislarning maslahati bo‘yicha xizmatlar, muayyan mavzular bo‘yicha guruhlarda treninglar o‘tish yo‘lga qo‘yiladi.

Tadbirda bo‘lg‘usi kelin-kuyovlarga oilaviy hayot asoslarini o‘rgatishga bag‘ishlangan ilmiy va badiiy adabiyotlar to‘plami sovg‘a qilindi.