Namangan xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi darsga kelmagan o‘quvchilarni haqoratlab, kaltakladi, deya xabar qildi Sevimli Tv. Hodisa tasvirlangan videoyozuv internetda paydo bo‘ldi.

Ta’lim muassasasi pedagogining so‘zlariga ko‘ra, o‘quvchilar tez-tez dars qoldirgan. «Ko‘p bolalarning xulqi yomon. Yaxshi gapirib ko‘rdik, tartibga chaqirdik, natijada… tartibga chaqirish uchun shunday choralar qo‘llagandir. Albatta, urmaslik kerak», — dedi kollej direktori o‘rinbosari Bahodir Ergashev.

O‘quvchilarni urgan Rashid Safarov ular o‘sha kuni darsga kechikkanini, ikkinchi juftlikdan keyin esa qochib ketishganini so‘zlab berdi. «O‘quvchilar juda ko‘p dars qoldiradi, qochishadi, birinchi juftlik darslariga kelmaydi. [O‘sha kuni] ular devordan oshib o‘tib, gaz quvuriga zarar yetkazishdi. Men ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llamoqchi, tartibga chaqirmoqchi bo‘ldim. Hissiyotga berilib, ortiqcha gapirib yubordim», — deya tushuntirdi u.

O‘quvchilar telekanalga bergan intervyuda o‘z xatolarini tan oldi va o‘qituvchi haq ekanini ta’kidlashdi. O‘qituvchi Rashid Safarovga nisbatan chora ko‘rildi.