O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 19 oktyabr kuni Toshkentda videokonferensaloqa orqali ramziy tugmani bosib, O‘zbekistondagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasini boshlab berdi.Foto: «O‘zbekiston 24» kanali.

Jizzax viloyatida bo‘lg‘usi AES qurilish maydonlaridan birida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Alisher Sultonov va «Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov hozir bo‘ldi.

Foto: «O‘zatom» agentligi.

«Sizning topshirig‘ingizga ko‘ra, hurmatli Shavkat Miromonovich, seysmologiya, geologiya va iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlikni o‘rganish uchun bir nechta maydoncha ajratib olindi. Hozirda biz shulardan birida turibmiz va qidiruv ishlarini o‘rganishga kirishishga tayyormiz», — dedi Alisher Sultonov.

«Biz o‘zbek do‘stlarimiz bilan maydonchani tanlash bo‘yicha qidiruv ishlariga kirishishga tayyormiz. Bu yerda eng asosiy omil — xavfsizlik hamda barcha xalqaro me’yorlar va MAGATE qoidalariga to‘liq muvofiqlik», — deya qayd etdi Aleksey Lixachev.

Ikki davlat rahbarlari ramziy tugmani bosib, asosiy nomzod maydonchalardan birining tuproq namunalarini olish uchun burg‘ilash ishlarini boshlab berishdi.

Foto: «O‘zatom» agentligi.

Dastavval AES qurilishi uchun eng maqbul maydoncha sifatida Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasidagi To‘dako‘l yaqini tanlab olingan edi. Biroq keyinroq maydoncha Jizzax va Navoiy viloyatlari chegarasida Aydarko‘l ko‘li yaqinidagi hudud bilan almashtirildi.

Foto: «O‘zbekiston 24» kanali.

7 oktyabr kuni O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari O‘zbekiston hududida AES qurilishida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 oktyabr kuni hujjatni tasdiqladi.