O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari tashabbusi bilan O‘zbekistonda shu yilning 18−19 oktyabr kunlari birinchi marotaba «O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi» o‘tkazilmoqda. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda ikki davlat prezidentlari administratsiyalari, hukumat rahbarlari, O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri va Rossiya Federatsiyasini Ta’lim va fan vaziri hamda Rossiyaning 80 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etadi.

Forumda ikki davlat OTMlari rektorlari o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish barobarida dolzarb vazifa va masalalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotda birgalikda muhokama qilishadi.

«O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi» yakunlari bo‘yicha:

— O‘zbekistonda Rossiyaning nufuzli OTMlari filiallarini tashkil etish;

— akademik tayyorgarlik bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish;

— birgalikda ilmiy va innovatsion forumlarni o‘tkazish;

— ilmiy-tadqiqot bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish;

— qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish;

— oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida axborot almashinuvini o‘rnatish;

— hamkorlikni yanada rivojlantirish rejalashtirilmoqda.