Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida davom etayotgan III Paraosiyo o‘yinlari O‘zbekiston sport delegatsiyasi uchun nihoyasiga yetdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

12 oktyabr yakunlariga ko‘ra o‘zbekistonlik sportchilar tomonidan 77 ta medal qo‘lga kiritildi. Ularning 35 tasi oltin, 24 tasi kumush va 18 ta bronza medallaridir. O‘zbekiston hozircha medallar sifati bo‘yicha umumjamoa hisobida beshinchi o‘rinni egallab turibdi.

Yengil atletikaning bir qator yo‘nalishlari, jumladan, balandlikka sakrash (erkaklar, oyoq amputatsiyasi) bo‘yicha Temur Giyazov, uzunlikka sakrash (ayollar, qo‘l amputatsiyasi) bo‘yicha Kamola Abdullayeva, nayza uloqtirish (ayollar, qo‘l amputatsiyasi) Roziya Ergasheva, yadro uloqtirish (bo‘yi 140 sm dan past bo‘lgan sportchilar) bahslarida Bobur Omonov shu kungacha mazkur yo‘nalishlarda Xitoy va Yaponiya mamlakatlari gegemoniyasiga chek qo‘ya oldi.

Bahslar davomida Husniddin Norbekov o‘zi uchun yangi yo‘nalish hisoblangan yadro uloqtirishda jahon rekordini o‘rnatdi. Bungacha rekord 2008 yilgi Paralimpiya o‘yinlarida qayd etilgandi.

Shuningdek, mazkur Paraosiyo o‘yinlarida to‘rt marotaba shohsupada faqat O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi. Suzish bahslarida to‘rtta yo‘nalishda faqat o‘zbekistonlik sportchilar medallarga ega chiqishdi.

Taqqoslash uchun, to‘rt yil oldin Incheonda bo‘lib o‘tgan Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 22 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza, umumiy hisobda esa 31 ta medal qo‘lga kiritgandi. Bu safar Paraosiyo o‘yinlaridagi rekord mutlaq yangilandi va O‘zbekiston uchun eng yaxshisi bo‘lib tarixga kirdi.

Ertaga musobaqaning so‘nggi kunida badminton, velosport va basketbol bo‘yicha bellashuvlar o‘tkaziladi. Sportning ushbu turlarida o‘zbekistonlik sportchilar ishtirok etishmaydi.