Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida «Lasetti» rusumli avtomashinasi haydovchisi uch qizni urib yuborgani haqidagi videolavha tarqalgan edi. Holatga oydinlik kiritish maqsadida, Samarqand viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, shu yilning 9 oktyabr kuni soat 21.30da Samarqand shahar Registon ko‘chasida joylashgan «Mo‘’jiza» bazmgohi qarshisidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lida haydovchi Q.I. boshqaruvidagi «Lasetti» rusumli avtomashinasini Panjakent ko‘chasi tomondan Dahbet ko‘chasi tomonga boshqarib borayotib, avtomashina yo‘nalishi bilan yo‘lning chap tomonidan o‘ng tomoniga piyodalar yo‘lagidan yo‘lni kesib o‘tayotgan uch qizni urib yuborgan. Bu haqda IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Yo‘l-transport hodisasida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilib o‘sgan, Samarqand Davlat chet tillar instituti 2-bosqich talabalari 1994 yilda tug‘ilgan U.X., 1996 yilda tug‘ilgan U.I., 1996 yilda tug‘ilgan U.O.lar turli darajadagi tan jarohatlari olib, kasalxonaga yotqizilganlar. Hozirda ularning salomatliklarni taklash yuzasidan barcha tibbiy muolajalar amalga oshirilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.