Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari F.A. pora olayotganda ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, hokim o‘rinbosari «Ayub Baraka servis» MCHJ rahbari M.A.dan Qumqo‘rg‘on tuman markazidan tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun 0,08 ga. yer maydonini noturarjoy sifatida berilishini va’da qilib, 5000 AQSH dollaripora talab qilgan.

Amaldor 9 oktyabr kuni Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti Surxondaryo viloyat boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda viloyat DXX boshqarmasi xodimlari hamkorlikda pora olayotganda ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.