Noinfeksion kasalliklar, jumladan yurak-qon tomir xastaliklari, qandli diabet, saraton va surunkali respirator kasalliklar har yili O‘zbekiston iqtisodiyotiga 9,3 trln so‘mga tushmoqda. Bu 2016 yilgi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 4,7 foiziga teng demakdir.

Bu haqda sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Liann Kuppers hamda BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelen Freyzerning 11 oktyabr kuni tarqatilgan qo‘shma bayonotida so‘z boradi.

O‘zbekistonda noinfeksion kasalliklarning bu qadar yirik qiymati hukumatning kasalliklarni davolashga sarflayotgan xarajatlari, shuningdek nogironlik bo‘yicha to‘lovlarini o‘z ichiga oladi, deyiladi bayonotda.

Biroq bu boradagi yashirin bevosita va bilvosita xarajatlar yanada ko‘proqni tashkil etadi. Ular bevaqt vafot etuvchi va mehnatga layoqatli ishchi kuchi ro‘yxatidan chiquvchi yoki imkoniyati cheklangan holda ishlovchi kishilar mahsuldorligining yo‘qotilishi sababli vujudga keladi. O‘zbekistonda bu kabi «yashirin» xarajatlar sog‘liqni saqlashga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarflanayotgan mablag‘lardan 3,5 barobarga ko‘proq.

Mazkur raqamlar O‘zbekiston hukumati, JSST, BMTTD va BMTning Noinfeksion kasalliklar profilaktikasi va ularga qarshi kurash bo‘yicha agentliklararo maqsadli guruhi (UNIATF) tomonidan o‘tkazilgan noinfeksion kasalliklarning investitsion asoslarini to‘plash jarayonida olindi. Tahlillar O‘zbekistondagi asosiy noinfeksion kasalliklarning ijtimoiy va iqtisodiy darajasini aniqlash hamda iqtisodiy samarador yechimlarni topishga imkon yaratdi.

O‘zbekistonda noinfeksion kasalliklar epidemiyasi jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni keltirib chiqaradi, deyiladi bayonotda. Har yili noinfeksion kasalliklar mamlakatdagi barcha o‘lim holatlarining 78 foiziga sabab bo‘lmoqda. Mamlakat fuqarolarining har to‘rt nafardan biri ushbu turdagi kasalliklardan 70 yoshga yetmasdan, ya’ni bevaqt vafot etmoqda.

Noinfeksion kasalliklardan vafot etishga asosan tamaki va alkogol iste’moli, nosog‘lom ovqatlanish, kam harakatlilik kabi kundalik xavf omillari, shuningdek ular bilan bog‘liq metabolik xatar omillari — yuqori qon bosimi va xolesterin sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda mazkur xatar omillarining tarqalganlik darajasi yuqori — erkaklarning 25 foizdan ziyodrog‘i tamaki chekadi, katta yoshli aholining yarmidan ko‘prog‘i ortiqcha vaznga ega. O‘zbekiston tuzni ko‘p miqdorda iste’mol qiluvchi mamlakatlardan biri (aholi jon boshiga kuniga 15 gr atrofida, JSST tavsiyasi — kuniga 5 gr). 30 foizdan ortiqroq aholining qon bosimi yuqori, har besh katta yoshlining biri yurak xuruji yoki insult xavfi bilan yashaydi.

JSST noinfeksiion kasalliklar darajasini kamaytirish uchun eng samarali iqtisodiy choralarni aniqlab berdi. Ular orasida «eng yaxshi xaridlar», tamakiga qarshi kurash bo‘yicha kompleks dasturlar, tuz iste’molini kamaytirish, shirin ichimliklarni soliqqa tortish, sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik targ‘iboti, shuningdek noinfeksin kasalliklarga chalingan kishilarni davolashni yaxshilash. Tahlillar O‘zbekistonda tuz iste’molini kamaytirish bo‘yicha choralar eng iqtisodiy jihatdan eng ko‘p samara keltirishini ko‘rsatdi.

Agarda noinfeksion kasalliklarga qarshi kurash bo‘yicha barcha modellar va klinik aralashuvlar paketi joriy etilib, 15 yil ichida mehnatga layoqatlilik ortga qaytarilsa, mamlakat YAIM o‘sishi yana 2,3 trln so‘m yoki 1,2 foizga oshadi.

Bayonotda qayd etilishicha, mazkur aralashuvlarni samarali amalga oshirishda faqatgina sog‘liqni saqlash sektori javobgar bo‘lmaydi. Muvaffaqiyatga erishish uchun hukumat va jamiyat, jumladan sog‘liqni saqlash sektori bilan aloqador bo‘lmagan moliyalashtirish, ta’lim, atrof-muhit, qishloq xo‘jaligi, sport, rejalashtirish kabilarda kuchlar birlashtirilishi lozim.