Prezidentning 2018 yil 17 avgustdagi «Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risida"gi farmoni bilan hokimliklarga xos bo‘lmagan va bir-birini takrorlovchi funksiyalarni aniqlash nuqtai nazaridan qonun hujjatlarini xatlovdan o‘tkazish, natijasi bo‘yicha ularni optimallashtirish vazifasi topshirilgan. QHTBT portalida tegishli mazmundagi qonun loyihasi joylashtirilgan, deyiladi Norma.uz xabarida.

Adliya vazirligi yuzdan ortiq qonunni tahlil qilib (aynan shuncha hujjatda hokimliklarning vakolatlari, funksiyalari va vazifalari qayd etilgan), ularning qariyb chorak qismida mahalliy hokimiyatning asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan yoxud boshqa davlat organlarining funksiyalarini takrorlovchi talablar borligini aniqladi. Hokimliklar resurslar ozligi va malakali xodimlar yetishmasligi bois ularning aksariyatini bajarmaydilar.

Shu munosabat bilan ishlab chiquvchi muammoni hal qilish yo‘lida ikkita qadam qo‘yishni taklif etadi.

Birinchidan, NHHdan hokimliklar zimmasiga yuklatilgan, ularga xos bo‘lmagan funksiyalar va vakolatlarni chiqarib tashlash.

Masalan, ushbu ro‘yxatda:

kooperativlar va qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkatlari) ustavlarini ro‘yxatdan o‘tkazish;

tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzayotgan yuridik va jismoniy shaxslarning xo‘jalik faoliyatini to‘xtatib turish haqida qarorlar qabul qilish;

sovxozlar va boshqa davlat qishloq xo‘jaligi korxonalarining davlat turar joy fondini xususiylashtirish tartibini belgilash (ularning mulkdorlari bilan birgalikda);

kommunal xizmatlar haqini va XUMSHga majburiy badallarni to‘lash bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi da’vo arizalari bilan sudlarga murojaat qilish;

deputatlar bilan uchrashish va ularning hisobotlarini tinglash uchun saylovchilarni chaqirish;

iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish chora-tadbirlari;

davlat yer kadastri yuritilishini montirong qilish, shuningdek yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar va ular bilan bog‘liq bitimlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini tashkil etish;

xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning schyotlaridagi pul mablag‘laridan foydalanishni cheklash yoxud majburan yechib olish;

ish joyining transportda qatnash jihatidan qulaydigini belgilash, bu haqda alohida yozganmiz.

Ikkinchidan, bir qator qonun hujjatlarida hokimliklarning jismoniy tarbiya va sport, mudofaa, tabiatni muhofaza qilish, suvga oid munosabatlar, mehnatni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalardagi vakolatlari ular tomonidan soha vazirliklari va idoralarining hududiy bo‘linmalari orqali amalga oshirilishini qayd etish.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.