O‘zbekiston prezidentining 26 sentyabrdagi qarori bilan Farg‘onada Latviyaning ISMA universiteti — Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabining filiali tashkil etildi, deya xabar qildi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib respublikaning turizm tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni hal qilishga qodir bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni xalqaro ta’lim standartlari darajasida tayyorlash, turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohalarida amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish va boshqalar belgilandi.

Filialda o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida O‘zbekiston davlat ta’lim standartlari talablarini e’tiborga olgan holda Oliy maktab tomonidan tasdiqlangan o‘quv reja va dasturlar bo‘yicha ko‘proq ingliz tilida kunduzgi shaklda amalga oshiriladi.

Filialda oltita yo‘nalishda bakalavr va ikkita mutaxassislikda magistrlar tayyorlanib, unga qabul kvotalari Oliy maktabning Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tayyorlangan asosli takliflari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlanadi.

Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabi o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik hamda axborot texnologiyalari, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etish, kutubxona fondini zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik hamda ilmiy-texnik adabiyotlar bilan shakllantirish va to‘ldirishga ko‘maklashadi.

Filial bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Oliy maktabning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.