Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisida Senatorlar qonunlarni muhokama qilmoqda. Yalpi majlisida yangi tahrirdagi «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ko‘rib chiqildi. Bu haqda «Xalq so‘zi» muxbiri xabar berdi.

Qonunda bojxona organlari faoliyatidagi qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik prinsiplari yanada mustahkamlab qo‘yilmoqda. Yangiligi shundaki, rivojlangan davlatlarda innovatsion metod sifatida e’tirof etilgan va bizda ham amaliyotda joriy qilinayotgan xavfni boshqarish tizimi ushbu loyiha bilan huquqiy asosga ega bo‘lmoqda. Yangi normalarga ko‘ra, bojxona organi xodimi davlat organi vakili hisoblanadi va davlat himoyasi ostida bo‘ladi.

Qonunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini bojxona nazoratida keng qo‘llash, bojxona sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish bojxona organlarining asosiy vazifalari sifatida belgilanmoqda.

Qonunning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, endilikda yuqori professional mahorat, axloqiy va ma’naviy sifatlarga ega yoshlarni bojxona organlariga jalb etishga yo‘naltirilgan kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishning prinsipial jihatdan yangi tizimi yaratiladi.

Ma’lumki, amaliyotda bojxona xodimlari ham xizmatga kirishar ekan, bojxonachi qasamyodini qabul qilishadi. Endilikda ushbu an’ana mazkur qonun doirasida qonuniylashtirilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.