Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 2019 yil 1 yanvardan aholini pulli asosda imtiyozli narxlarda elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi va osh tuzi bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda Turkmanistonning «Oltin asr» nashri xabar qildi.

Hujjatga muvofiq, 1992 yil 14 dekabrdagi aholining elektr energiyasi, gaz va suv bilan bepul ta’minlash to‘g‘risidagi, 2003 yil 14 avgustdagi mazkur ro‘yxatga osh tuzini kiritish to‘g‘risidagi qarorlar o‘z kuchini yo‘qotadi.

Nashrning qayd etishicha, qaror mamlakatni barcha yo‘nalishlar bo‘yicha barqaror va tizimli rivojlantirish, bazaviy resurslardan ratsional foydalanish, shuningdek ijtimoiy imtiyozlarni yanada takomillashtirish maqsadlarida qabul qilindi.