21 sentyabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi binosida Osiyo o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan sportchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Narbayeva, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Toshkent shahri hokimligi mutasaddilari va boshqalar ishtirok etdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

18 avgust — 2 sentyabr kunlari Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tkazilgan XVIII Osiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza, umumiy hisobda 70 ta oltin medal qo‘lga kiritib, medallar sifati bo‘yicha beshinchi o‘rinni egalladi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri ochib berdi. Abdulla Nigmatovich ortda qolgan Osiyo o‘yinlarida mamlakat rahbari tomonidan yaratib berilgan sharoitlar va imkoniyatlar o‘z samarasini bergani haqida gapirib o‘tdi. Qolaversa, kuni kecha prezident tomonidan sportni rivojlantirish, ommaviylikni oshirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani va unda tegishli ko‘rsatmalar belgilab berilganini aytib o‘tildi.

Shundan so‘ng prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov «XVIII Osiyo o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash to‘g‘risida"gi farmoyishini o‘qib eshittirdi. Unga ko‘ra, Osiyo o‘yinlari oltin medali sohiblari 5000, kumush medal sovrindorlari 3000, bronza medaliga ega chiqqan sportchilar esa 2000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot puli bilan birma-bir taqdirlanishdi.

Tadbir davomida yaqin kunlarda sovrindor sportchilarning murabbiylari uchun ham (oltin — 2500, kumush — 1500, bronza — 1000) mukofot pullari taqdim etilishi ma’lum qilindi.

Taqdirlash marosimi nihoyasida bosh vazir 2020 yilgi Olimpiya o‘yinlarida ham o‘zbekistonlik sportchilarga muxlislik qilishi, mana shunday muvaffaqiyatli ishtirokni kutib qolishini haqida gapirdi. O‘zbekiston kelajakda turli sport turlari bo‘yicha yirik musobaqalar, qolaversa Osiyo o‘yinlariga ham mezbonlik qilishi haqida aytib o‘tdi.