Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari jismoniy shaxslar tomonidan tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib o‘tilishiga doir navbatdagi bojxona qoidabuzarligini fosh qilishdi.

Jumladan, «Jartepa» chegara postida Tojikistondan kirib kelgan fuqaro U.A. bojxona qonun-qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani aniqlandi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ushbu shaxs O‘zbekistonga olib kirilishi butunlay taqiqlangan 515 dona lazerli nur tarqatgichlarni yashirincha olib kirishga uringan paytida bojxonachilar tomonidan to‘xtatib qolindi. Aniqlanishicha, mazkur tovar-moddiy boyliklarning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 5 million so‘mni tashkil qilar ekan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi hududida lazerli nur tarqatgichlarni ishlatishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2013 yil 20 fevraldagi 50-son qaroriga binoan respublikamizga lazerli nur tarqatgichlarni chetdan olib kirish va sotish taqiqlangan.

Mazkur holat yuzasidan sudning qaroriga binoan lazerli nur tarqatgichlar davlat foydasiga musodara qilinib, fuqaro U.A.ga jarima jazosi tayinlandi.