18 sentyabr kuni Buxoro viloyatida gaz balloni o‘rnatilgan avtobus halokatga uchraganidan so‘ng O‘zbekiston hukumati gaz balloni o‘rnatilgan avtotransport vositalari, ularga xizmat ko‘rsatuvchi gaz quyish stansiyalari, shuningdek tabiiy gazda ishlaydigan qozonxonalar, pechlar va boshqa uskunalarning texnik holatini puxta hamda har tomonlama xatlovdan o‘tkazishga farmoyish berdi.

Ikki oy davomida olib borilgan xatov natijalari bo‘yicha yoqilg‘i sifatida tabiiy gazdan foydalaniladigan avtotransport vositalari, gaz quyish stansiyalari, qozonxonalar, pechlar va boshqa uskunalardan foydalanish bilan bog‘liq avariyaning oldini olish bo‘yicha «Yo‘l xaritalari"ni ishlab chiqilishi lozim.

18 sentyabr kuni Buxoro viloyatining Kogon tumanida «G‘uzor-Buxoro-Nukus» A-380 avtomobil yo‘lining 201- kilometrida «Isuzu» yo‘lovchi avtobusida o‘rnatilgan gaz balloni portlagan. Buning oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan, 21 kishi jarohatlangan. Barcha yo‘lovchilar O‘zbekiston fuqarolari. Portlash gaz quyish stansiyasidan chiqish bilanoq sodir bo‘lgan. Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar makkajo‘xori hosilini yig‘ishga yo‘l olgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan Kogon tumanida sodir bo‘lgan hodisaning sabablarini o‘rganish va jarblanganlar hamda halok bo‘lganlar oilalariga har tomonlama yordam ko‘rsatish chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha ilovaga muvofiq tarkibda Hukumat komissiyasi tashkil etildi. Komissiya a’zolari Mudofaa vazirligi havo kemasida Buxoroga yuborildi.