Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi tomonidan 13 sentyabr kuni besh yoshli qizchaning o‘limiga sabab bo‘lgan yigitga nisbatan ayblov hukmi e’lon qilindi, deya xabar berdi O‘zA.

Sudda aniqlanishicha, Qo‘shtepa tumanida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan Akmal Abdurahmonov 2018 yil 5 fevral kuni ertalab yashash xonadonidan velosipedda Oltiariq tumani markazidagi bozorga borgan. U qaytishda «Poloson» mahallasidagi 6-MTM yonidan o‘tib ketayotib, ushbu muassasadan kuzatuvchisiz chiqib ketayotgan tarbiyalanuvchilar voyaga yetmagan Sh.G‘offoraliyev, X.G‘offoraliyeva va K.G‘offoraliyevani yoniga chaqirib, ularga velosipedda sayr qildirib, do‘kondan shirinliklar olib berishini aytib, aldab, ularni o‘g‘irlab ketgan.

Shundan so‘ng A.Abdurahmonov o‘g‘irlab ketayotgan Sh.G‘offoraliyev va X.G‘offoraliyevani Oltiariq tumani, «Toshxirmon» ko‘chasi bo‘ylab o‘tgan yo‘l chetida qoldirib, K.G‘offoraliyevani esa o‘zi bilan birga velosipedda Toshkent-Marg‘ilon-Andijon yo‘nalishidagi temir yo‘lning Oltiariq-Marg‘ilon qismidan Marg‘ilon shahri yo‘nalishi tomonga olib borib, voyaga yetmagan, ojiz ahvoldagi K.G‘afforaliyevani ushbu temir yo‘lning 244 kilometri, 6-piketida uning hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostida qoldirib, shu joyda yolg‘iz o‘zini tashlab ketgan.

Natijada K.G‘offoraliyeva tungi vaqtda Qo‘qon-Marg‘ilon yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan 62-sonli yo‘lovchi poyezdi vagonlarining pastki qismidagi metall qismlariga urilib, hayoti uchun xavfli bo‘lgan tan jarohatlari olishi oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Ichki ishlar idoralari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv davomida mazkur jinoyatni sodir etgan A.Abdurahmonov qo‘lga olingan. Bir necha turdagi ekspertizalar xulosalari bilan bu jinoyat ishi o‘z isbotini topdi.

Sud hukmi bilan sudlanuvchi A.Abdurahmonov O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 117-moddasining 2-qismi va 137-moddasi 3-qismining «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, uzil-kesil 11 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.