O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi zo‘ravonlik jabrdiydasiga aylangan ayollarga yordam berishga qaratilgan ishonch telefonlarini ishga tushirdi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari, qo‘mita raisi Tanzila Norboyeva o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.

«Zo‘ravonlik illati haqida uzoq vaqt mamlakatimizda hech nima deyilmadi va bugun bu to‘g‘risida ochiq gapirilmoqda. Odatda bizda ayollar bunday holatga duch kelgan taqdirda, hatto yaqinlariga ham aytishmaydi, qo‘rqishadi yoki istihola qilishadi. Ammo buni o‘zgartirish vaqti keldi», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Buning uchun O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi 1146 — yagona telefon raqamlarini ishga tushirdi. «Ishonch telefon"lari zo‘ravonlik qurboniga aylangan ayollar va qizlarimizga og‘ir vaziyatdan chiqishlariga yordam berib, ruhiy, huquqiy hamda tibbiy ko‘mak beradi.

Bunda ayolning xohishiga ko‘ra, uning shaxsi va murojaati sir saqlanadi. Zarur hollarda, jabrdiyda ayollar respublikamizning barcha hududlarida tashkil etilayotgan Ijtimoiy moslashuv markazlariga (shelterlarga) joylashtiriladi.

«Agar Siz atrofingizdagi ana shunday ayollar taqdiridan xabardor bo‘lsangiz, befarq bo‘lmasligingizni so‘raymiz, bizga murojaat qiling va biz birgalikda muammoning yechimini topamiz!» — dedi Tanzila Norboyeva.

U ushbu muammo bilan kurashishning huquqiy asosini yaratish maqsadida «Maishiy zo‘ravonlikning oldini olish haqidagi» Qonun loyihasi ustida ish olib borilayotganini eslatib o‘tdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda har uchinchi ayol (35%) hayoti davomida u yoki bu turdagi zo‘ravonlikka duch keladi.