O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tilanchilik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish taklif qilinmoqda. O‘zbekiston normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, aeroport, vokzal, park, dam olish maskanlari, bozorlar va savdo majmuasi hududlari, shuningdek, ularga tegishli hududlar — avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylari, bekatlar, avtotransport vositalari o‘tadigan yo‘l qismlari, madaniy va ma’naviy meros ob’ektlari joylashgan hududlar, barcha turdagi jamoat transportlari va boshqa jamoat joylarida faol tarzda pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa qimmatbaho buyumlar so‘raydiganlar 300 soatdan 600 soatgacha jamoat ishlariga jalb qilish yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Xuddi shunday harakatlar voyaga yetmagan shaxs ishtirokida yoki undan foydalangan holda, shuningdek, ruhiy xasta, nogironligi bor shaxslar, o‘zini nogiron qilib ko‘rsatgan odamlar, yoki majburan narkotik va psixotrop moddalar, alkogol mahsulotlari iste’mol qilgan, lekin aqliy faoliyatiga putur yetmagan shaxslar sodir etilsa 300−600 soatdan 400−800 soatgacha jamoat ishlariga jalb qilish yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ayni paytda Jinoyat kodeksining 127-moddasida voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish uch yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etish chorasini qo‘llash ko‘zda tutilgan.

Hujjat muhokamasi 18 sentyabrgacha davom etadi.