6 sentyabr kuni Kurash milliy sport turi kuni munosabati bilan Toshkentdagi «O‘zbekiston» sport majmuasida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti sovrini uchun I Xalqaro turniri bo‘lib o‘tadi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Musobaqa erkaklar o‘rtasida mutlaq vazn toifasida tashkil qilinadi. Unda jahonning 40 ga yaqin mamlakatidan sportchilar ishtirok etishi kutilmoqda. Bahslarda sakkiz nafar o‘zbekistonlik polvon qatnashadi.

Turnirning sovrin jamg‘armasi 100 000 AQSH dollarini tashkil qiladi. Birinchi o‘rin egasi 50 000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot pulini qo‘lga kiritadi. Ikkinchi o‘rin 25 000 AQSH dollariga ega bo‘lsa, uchinchi o‘rinni band etgan polvonlar o‘z hisoblarini 10 000 AQSH dollari bilan boyitib oladilar. Shuningdek, 5−8 o‘rinni egallagan sportchilar ham 1250 AQSH dollari miqdoridagi mukofot puli bilan taqdirlanadilar.

Bahslarga bugun soat 16:00da start beriladi. Tantanali ochilish marosimi esa soat 17:00da boshlanadi.