Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 4−5 sentyabr kunlari Misr prezidenti Abdulfattoh Said Husayn as-Sisi rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarda O‘zbekiston-Misr hamkorligini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish hamda mintaqaviy va hududiy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, O‘zbekiston va Misr o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, turizm, fan, ta’lim, madaniyat va sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan salmoqli hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.