O‘zbekiston prezidenti 29 avgust kuni xorijlik bir guruh biznes vakillarini «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonlarga imzo qo‘ydi.

O‘zbekistonning neft va gaz sektorini rivojlantirish va uglevodorod resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, xomashyoni qazib olish va chuqur qayta ishlash bo‘yicha ilg‘or, innovatsion texnologiyalarni sohaga joriy etish, mamlakatimizning eksport salohiyatini yuksaltirish, yirik strategik loyihalarni amalga oshirish ishlariga qo‘shgan katta hissasi hamda respublikamizga yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasidagi hamkorligi uchun «LUKOYL» ochiq aksiyadorlik jamiyati prezidenti Alekperov Vagit Yusufovich «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Mamlakatda qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, yirik hajmdagi xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlaridagi faol ishtiroki, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi har tomonlama va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ulkan xizmatlari uchun «KNAUF» korxonalari guruhi ishtirokchilari Kengashi a’zosi Knauf Nikolaus Vilgelm «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlarining har tomonlama o‘zaro manfaatli strategik hamkorligini mustahkamlash borasidagi katta xizmatlari, ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy sohalardagi sherikchilik aloqalarini kengaytirish, yirik investitsiya loyihalari va dasturlarini amalga oshirish ishlarida yuqori kasbiy mahoratini namoyon etib kelayotganligi, xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikni davomli rivojlantirishga qo‘shayotgan salmoqli hissasi uchun hamda tavalludining 70 yilligi munosabati bilan Amerika — O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

O‘zbekiston iqtisodiyotining neft va gaz tarmog‘ini rivojlantirish borasidagi katta xizmatlari, yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi hamkorligi, mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish, O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun «CNPC» kompaniyasi direktorlar Kengashi raisi, «PetroChina» kompaniyasi raisi Van Ilin «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.