Moliya vazirligi va DSQning qarori (ro‘yxat raqami 2439−6, 2018 yil 20 avgust) bilan soliq hisobotining shakllariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i to‘lovchi to‘g‘risida ma’lumot yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan umumiy yer maydoni bo‘yicha gektarda ko‘rsatiladigan ma’lumotlar bilan to‘ldirildi.

Qishloq xo‘jaligi ahamiyatiga molik bo‘lmagan yerlar uchun to‘lanadigan yer solig‘i hisob-kitobiga 1-ilova qurilishi tugallanmagan ob’ektlar bilan band bo‘lgan yer maydonlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar aks ettiriladigan uchta ustun bilan to‘ldirildi. Bunday ob’ektlar bo‘yicha yer solig‘i uch baravar stavkada to‘lanadi (Soliq kodeksining 283-moddasi 3-qismi).

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning II choragidan soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qo‘llaydigan yuridik shaxslar ham yer solig‘ini to‘laydigan bo‘ldi. Ular Qurilish vazirligining qurilish sohasida nazorat hududiy inspeksiyalari (Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzuridagi arxitektura va qurilish nazorati inspeksiyasi o‘rniga tashkil etilgan, 2018 yilda 2 apreldagi PF-5392-son Farmonning 2-bandi) tomonidan aniqlangan yer uchastkalari bo‘yicha yer solig‘ini Soliq kodeksining 283-moddasi 3-qismida belgilangan tartibda to‘laydilar.