Osiyo o‘yinlarining futbol musobaqalari doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston — Janubiy Koreya o‘yini hozirgina yakunlandi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv keskin kurashlar va gollarga boy tarzda o‘tdi. Janubiy Koreya tezkor gol kiritganiga qaramay, Jaloliddin Masharipov 17-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Keyin Janubiy Koreya tarkibida 1-golga mualliflik qilgan Xvang hisobni 2:1ga yetkazishga muvaffaq bo‘ldi. Birinchi bo‘lim shu hisobda tugadi.

Ikkinchi taymni faol boshlagan o‘zbekistonlik futbolchilar ketma-ket ikkita gol kiritishning uddasidan chiqishdi. Ikrom Aliboyev har ikkala golga mualliflik qildi. Ammo 75-daqiqada Rustam Ashurmatovning xatosi qimmatga tushdi. Yana o‘sha Xvang Kui Chjo hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

Ekstra taymlarda ikki terma jamoa ham ehtiyotkor tarzda to‘p surdi. 100-daqiqada Ikrom Aliboyev ikkinchi sariq kartochka bilan jazolanib, maydonni tark etishga majbur bo‘ldi.

Ekstra taymlar tugayotgan bir paytda Janubiy Koreya terma jamoasi penalti ishlab oldi. Rustam Ashurmatov jarima maydonchasi ichida raqibni ushlab qolgani tufayli hakam 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Penaltidan boshqa Xvang — Xvang Xi Chan unumli foydalanib hisobni 4:3ga yetkazdi. O‘yin shu hisob bilan tugadi.


O‘zbekiston OTJ — Janubiy Koreya OTJ 3:4

Gol: J.Masharipov (17), I.Aliboyev (53, 56) — Xvang (5, 35, 75), Xvang Xi Chan (118)

O‘zbekiston OTJ: Botirali Ergashev, Rustamjon Ashurmatov, Akramjon Komilov, Abbos Otaxonov, Dostonbek Tursunov, Jaloliddin Masharipov, Odiljon Hamrobekov, Javohir Siddiqov (Xurshid G‘iyosov, 85), Ikromjon Aliboyev, Dostonbek Hamdamov (Bobir Abdixoliqov, 68), Zabihillo O‘rinboyev (Doniyor Narzullayev, 113)

Janubiy Koreya OTJ: Song Bum Kun, Xvang Xun Su, Kim Min Chjae, Kim Chjin Ya, Kim Mun Xvan, Son Xyon Min, Xvang In Bom, Na Sang Xo (Xvang Xi Chan, 46), Chang Yun Xo (Li Jin Xu, 22), Li Song Myuu (Li Song Vu, 61), Xvang Kui Chjo.

Ogohlantirishlar: Dostonbek Hamdamov 42, Rustam Ashurmatov 65, Ikrom Aliboyev 84, Kim Min Jae 105, Xvang Xi Chan 118.

Chetlatish: Ikrom Aliboyev (100).