Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida yangi tayinlovlar davom etmoqda. Tibbiyot fanlari doktori Qahramon Yuldashev Respublika OITSga qarshi kurashish markazi direktori lavozimida ish boshladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Unga, avvalo, OIV infeksiyasini erta aniqlash, uni profilaktikasini o‘z vaqtida amalga oshirish, diagnostika va davolash standartlarini qayta ko‘rib, zamonaviy hamda innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, ushbu kasallikka qarshi samarali kurashish, bemorlarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash, shifoxona ichki infeksiyalari bilan kasallanish holatlarini keskin kamaytirish singari muhim vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, Qahramon Yuldashev, bugungi kun talabidan kelib chiqib mutaxassislar malakasini oshirish, immunologiya, virusologiya va epidemiologiya yo‘nalishlarida ilmiy ishlarni rivojlantirish, shu bilan birga, aholi o‘rtasida ushbu kasallikka qarshi samarali targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, jahonning nufuzli xarqaro tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash kabi qator ustuvor masalalarga ham mas’ul etib belgilandi.

Q.Yuldashev bugunga qadar Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti tibbiy profilaktika fakulteti dekani lavozimida ishlab kelayotgan edi.