Toshkent, O‘zbekiston — Amerika Qo‘shma Shtatlari, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda vazirlikning Agroinnovatsion markazida namunali olma bog‘ining ochilishida ishtirok etdi. Bu haqda AQSHning Toshkentdagi elchixonasi xabar tarqatdi.

AQSHning O‘zbekistondagi muvaqqat ishonchli vakili Lesli Vigeri ochilish marosimida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligining investitsiya va monitoring boshqarmasi boshlig‘i Abdumalik Namozovga hamroh bo‘ldi.

Agroinnovatsion markazi O‘zbekiston bo‘ylab bog‘dorchilik mutaxassislari uchun meva va sabzavotlarni ishlab chiqarish, saqlash va qayta ishlashning innovatsion yondashuvlar bo‘yicha tadqiqot va ta’lim markazi sifatida faoliyat yuritadi. Markazning tashkil etilishida USAID, KOICA va Koreya Qishloq Jamiyati Korporatsiyasi faol qatnashdilar.

USAID 0,5 gektarli namunali olma bog‘ini yaratdi va bozorda talab yuqori bo‘lgan «Golden Delicious», «Star Crimson», va «Saltanat» kabi mahsuldorligi va qiymati yuqori bo‘lgan olma ko‘chatlari bilan ta’minladi.

Bundan tashqari, USAID o‘g‘itni suv orqali yuborishni o‘z uchiga oluvchi tomchilab sug‘orish tizimi, vertikal panjara tizimi hamda do‘l va ortiqcha ultrabinafsha nurlaridan himoyalovchi to‘rlar bilan jihozlab, innovatsion intensiv bog‘ning yaratilishini qo‘llab-quvvatladi.

USAID bog‘ning doimiy monitoringi va o‘simliklar omon qolishini ta’minlash uchun tezkor choralarni ko‘rish bo‘yicha markaz xodimlariga treninglar tashkil etdi. Soya berish koeffitsienti 75 foiz bo‘lgan polietilen to‘rlar yoz mavsumida ultrabinafsha nurlar orqali o‘simliklarni quyosh urishi xavfini kamaytiradi. Ushbu to‘rlar do‘l va qushlarga ham qarshi himoyani ta’minlab beradi va shu yo‘sinda hosilni oshiradi.

KOICA issiqxonalarining barcha elektroenergiya ehtiyojlarini qoplovchi 16 kilovatli quyosh panel tizimini o‘z ichiga oluvchi 0,5 gektarli zamonaviy issiqxonani qurilishiga ko‘mak berdi. Koreya Qishloq Jamiyati Korporatsiyasi esa hozirda 1000 tonna sig‘imli zamonaviy sovuq saqlaydigan omborni qurmoqda.