Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida 31 iyul kuni «Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon-Andijon-O‘sh» yo‘lining 137- kilometrida Isuzu yuk mashinasi va Nexia avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, yuk mashinasi haydovchisi M.E. yo‘lning o‘rta qismidan ortga qayrilayotgan vaqtida orqasidan harakatlanib kelayotgan I.Yu boshqaruvidagi Nexia unga borib urilgan.

YTH natijada Nexia haydovchisi I.Yu. va uning uch nafar yo‘lovchisi tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Yana bir nafar yo‘lovchisi X.R. tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan.