Samarqand viloyati hokimi v.b. Erkinjon Turdimov 64-sonli maktab-internati va ijtimoiy himoya ostidagi maskanlarga tashrif buyurib, u yerdagi vaziyat bilan tanishdi. Bu haqda hokimning Feysbukdagi sahfasi orqali xabar berildi.

Samarqand shahridagi 64-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatda tarbiyalanayotganlar uchun yaratilgan shart-sharoit o‘rganildi. Keyingi kunlarda mazkur muassasada sodir bo‘lgan holat maktab jamoasi, mutasaddilar va jamoatchilik ishtirokida muhokama etildi. Turli xil ko‘ngilsiz voqealar ro‘y bermasligi bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Samarqanddagi 1 va 10-son mehribonlik uylarida yosh avlodning munosib ta’lim-tarbiya olib, kamolga yetishi uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoit yaratilgan. Shunisi borki, bu yerda voyaga yetayotgan yosh avlod ko‘p sonli insonlarning mehri va e’tiboridan bahramand bo‘lishi, eng asosiysi, jamoatchilikning g‘amxo‘rligini his etishi kerak. Mutasaddilar bilan mana shu masalaga alohida e’tibor qaratildi.

131 nafar keksa va nogironligi bo‘lgan insonlar istiqomat qilayotgan «Saxovat» internat-uyida bir qator muammolar borligi kuzatildi. Jumladan, binoda lift ishlamaydi, yuvinish xonalari ta’mirtalab, sanitariya qoidalariga amal qilinmagan. Muassasa hovlisida obodonchilik ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Yozgi pavilonda krovat-so‘rilar bor, biroq sharoit yaratilmaganligi sababli bahavo joyga hech kim kelmaydi.

«Internat-uyi mutasaddilari faoliyatidan qoniqmadik», — deb yoziladi xabarda.