O‘zbekiston va Qozog‘iston Toshkent-Qizilo‘rda-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yana bir yangi xalqaro avtobus qatnovini ishga tushirdi, deya xabar qildi «O‘zavtotrans» agentligi.

21 iyuldan yo‘nalish bo‘yicha bittadan Van Hool (Belgiya) yo‘lovchi avtobusi mahalliy vaqt bilan 17:00 da Toshkentdan Qizilo‘rdaga yo‘lga otlanadi. Avtobuslar chegarani «G‘ishtko‘prik» (O‘zbekiston) va «Jibek Joli» (Qozog‘iston) nazorat-o‘tkazish punktlari orqali kesib o‘tadi.

«Toshkent» (O‘zbekiston) va «Saltanat» (Qozog‘iston) avtovokzallari reyslarning oxirgi to‘xtash nuqtasi bo‘ladi.
Tashuvlarni O‘zbekiston tomonidan Uzkaz AutoTrans va Qozog‘iston tomonidan — Tulpor-Baykonur kompaniyalari amalga oshiradi.

Yo‘nalish masofasi 583 km bo‘lib, yo‘lga 10 soatu 30 daqiqa sarflanadi, yo‘l haqi Toshkentdan Qizilo‘rdaga 97 mingso‘m, Qizilo‘rdadan Toshkentga — 3800 tenge.
Joriy yilda Toshkent-Olma Ota-Toshkent, Toshkent-Chimkent-Toshkent, Toshkent-Bishkek-Toshkent, Toshkent-Xo‘jakent-Toshkent yo‘nalishlari bo‘yicha to‘rtta doimiy xalqaro avtobus qatnovlari tashkil etildi.

Mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekistondan kuniga 400 yo‘lovchi chiqib, 420 yo‘lovchi kirib kelmoqda. Yo‘nalishlar ochilgandan buyon shu vaqtga qadar 40 mingdan ziyod yo‘lovchilar tashildi.

Yarim yil davomida respublika avtotransport vositalarida 504 mln tonna yuk va 2,82 mlrd yo‘lovchi tashildi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish 4,6 va 12,2 foizni tashkil etdi.