Toshkent shahar hokimligi hamda jamoat kengashi tashabbusi bilan har hafta tadbirkorlar va investorlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etib kelinmoqda.

Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev tadbirkorlar va investorlar tomonidan taqdim etilgan loyiha dasturlarini ko‘zdan kechirdi. Poytaxt hokimligi matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, «TECHNOPARK NAPA» yuqori texnologik park loyihasi Ortiqxo‘jayevga ma’qul kelgan.

Poytaxtda IT- tadbirkorlikni rivojlantirish va AKT sohasi mutaxassislarini tayyorlashga xizmat qiluvchi ushbu maydonchada yiliga 100 dan ortiq startaplar, yanada aniqroq qilib aytsak kamida 250 ta yangi ishlanmalar hayotga tatbiq etiladi.

Ushbu loyihani yaratishda Isroilning texnoparklari prototip qilib olingan. Loyihani amalga oshirish uchun 12 ming kvadrat metr maydon zarur. Kompaniya va hokimiyat vakillari loyiha joylashadigan hudud va boshqa tafsilotlar bo‘yicha bir necha uchrashuvlar o‘tkazishga tayyor.