22 iyul kuni Ispaniyaning tarixiy obidalarga boy San-Lorenso-del-Eskorial shahrida O‘zbekistonning turizm va savdo-iqtisodiy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot marosimi o‘tkazildi, deya xabar qildi O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasi.

O‘zbekistonga kelish istagini bildirgan 200 ga yaqin sayyohlar va boshqa mehmonlar ishtirok etgan mazkur tadbir O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasi va San-Lorenso-del-Eskorial shahar meriyasi hamkorligida tashkil etildi.

«O‘zbekistan — Buyuk Ipak yo‘li yuragi» nomli anjuman davomida ikki mamlakatning tarixiy aloqalari, O‘zbekistonning turistik salohiyati, to‘qimachilik sohasi va mamlakatning savdo-iqtisodiy imkoniyatlari haqida videotaqdimot qilindi.


Shuningdek, anjuman qatnashchilari uchun o‘zbek milliy taomlaridan namunalar, jumladan somsa, do‘lma va oshni tatib ko‘rish imkoni tortiq qilindi. O‘zbek milliy musiqa cholg‘ulari ishtirokidagi chiqishlar, rang-barang milliy matolardan tikilgan o‘zbek modasi namoyishi ispaniyaliklarda katta taassurot qoldirdi.

Taqdimotdan so‘ng 200 nafarga yaqin ispaniyalik Buyuk ipak yo‘lida joylashgan, yirik madaniyat markazi bo‘lmish O‘zbekistonga kelish istagini bildirib, bizga murojaat qildi, deyiladi elchixona xabarida.