Joriy yilning birinchi yarmida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 26442 nafar shaxsga nisbatan 20283 ta ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Jumladan, 375 nafar shaxs oqlandi va reabilitatsiya qilindi, sudlangan shaxslar soni 19683 nafarni tashkil etib, shundan 4828 nafar shaxsga ozodlikdan maxrum qilish va 13657 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi, 1198 nafar shaxs shartli hukm qilindi.

Shuningdek, 1770 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalidan ozod qilindi, 15504 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 4791 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirildi, 4101 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.

O‘tgan yilning shu davriga nisbatan ayrim jinoyat turlari, xususan, qasddan odam o‘ldirish, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, o‘g‘rilik, pora olish va berish, pora olish-berishda vositachilik qilish, bezorilik, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish, transport vositasini olib qochish, qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish kabi jinoyatlari uchun sudlanganlik ko‘rsatkichlari kamaydi.

Hisobot davrida yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 4 634 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.

Yetkazilgan 196,1 mlrd so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini qoplagan 2 226 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.

9032 ta jinoyat ishi, ya’ni barcha ishlarning qariyb 45 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 678 nafar shaxsga nisbatan 524 ta ish ko‘rib chiqildi. 53 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilindi va 266 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.