Uchtepa tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan 1-sinflarga qabul jarayonini shaffof va adolatli tashkil etish maqsadida tumandagi barcha maktablarda o‘quvchilarni 1-sinfga onlayn qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda «Ma’rifat» gazetasi saytida maqola e’lon qilindi.

Uchtepa tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Mavlon Tursunovning aytishicha, bu masala uzoq muhokamadan so‘ng amaliyotga tatbiq etilgan bo‘lib, ushbu tizimni ishlab chiqishda jahonning ilg‘or mamlakatlari tajribasidan foydalanildi. Bundan ko‘zlangan maqsad ota-ona va maktab o‘rtasida shaffof muloqot muhitini yaratishdir.

Hozir tumandagi mavjud 31 ta maktabda 1-sinfga o‘quvchilar shu tartibda qabul qilinmoqda. Buning uchun barcha maktablarda yagona platforma asosida sayt ishlab chiqildi. Ularni tashkil etish uchun kompyuter mutaxassislari jalb qilindi.

Elektron murojaatda ota-onalar farzandi haqidagi barcha hujjat nusxasini o‘z mikrohududida joylashgan ta’lim muassasasining saytiga yuboradi. Maktab mutasaddilari nomzodni ro‘yxatga olgach, ota-ona farzandi bilan maktabga chaqiriladi.

«Logoped, psixolog va boshqa mutaxassislardan tuzilgan ekspertlar guruhi bolaning layoqatini tekshiradi. Agar nuqson aniqlansa, davolanish uchun tavsiya beriladi. Shuningdek, ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarda o‘qish istagidagi bolalarning imkoniyatini sinovdan o‘tkazish juda muhim», — deydi Mavlon Tursunov.