Samarqand viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiya va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari O‘tkir Abdullayevga qo‘llanilgan qamoqqa olish ehtiyot chorasi munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxatga o‘zgartirildi. Bu haqda «Gazeta.uz"ning huquqni muhofaza qilish organlaridagi axborot manbasi xabar qildi.

13 iyul kuni «O‘zbekiston 24» telekanalida Bosh prokuratura huzuridagi mediamarkaz reportaji namoyish qilindi. Unda Samarqand viloyatining sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayev va hokimiyatning qator xodimlari, jumladan hokim o‘rinbosari O‘tkir Abdullayev hibsga olingani xabar qilingan edi.

Reportajdan so‘ng «Gazeta.uz» muxbiri Samarqand viloyati hokimiyati saytining rahbariyat to‘g‘risidagi bo‘limida hokim o‘rinbosari lavozimi vakant ekani, biroq keyingi kuni u qayta tiklanganiga e’tibor qaratdi.

Hokimiyat matbuot xizmati rahbari Mannob Ibodullayevning ma’lum qilishicha, 14 iyul kuni O‘tkir Abdullayev kun bo‘yi ishda bo‘lgan. Viloyat ma’muriyati vakili mutaxassislar saytdagi ma’lumotlarni yangilashda texnik xatolikka yo‘l qo‘yganini ma’lum qilgan.

«Gazeta.uz» axborot manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘tkir Abdullayevga nisbatan ochilgan jinoiy ish davom ettirilmoqda.