«Real Madrid» futbol klubi hujumchi Krishtianu Ronalduning «Yuventus"ga o‘tishi to‘g‘risida e’lon qildi, deya xabar berdi madridliklarning rasmiy sayti.

«„Real“ dunyodagi eng yaxshi ekanini isbotlagan o‘yinchiga minnatdorchilik bildiradi. Klub va dunyo futboli tarixidagi eng yorqinlardan biri bo‘lgan futbolchiga. „Real“ uchun Ronaldu har doim eng asosiy ramzlardan hamda kelgusi avlodlar uchun noyob namunalardan biri bo‘lib qoladi. „Real“ har doim sening uying», — deyiladi madridliklar xabarida.

Futbolchi o‘zining xayrlashuv maktubida «Real"da o‘tgan yillari hayotidagi eng baxtli lahzalar bo‘lganini yozadi. «Qalbimda klubga, shaharga minnatdorchilik so‘zlari bor faqat, men qabul qilib olgan bu sevgi va bog‘liqlik uchun barchaga rahmat aytishni xohlayman. Shu bilan birga, o‘ylaymanki, hayotimda yangi bosqich ochish vaqti keldi va aynan shuning uchun men klubdan meni qo‘yib yuborishlarini so‘radim. Afsusdaman, lekin men hammadan, ayniqsa muxlislarimizdan meni tushunishlarini so‘rayman».

«Chempionat"ning yozishicha, Krishtianu Ronalduning «Yuventus"dagi maoshi yiliga 30 mln yevroni tashkil etadi. Italiya jamoasi 33 yoshli portugaliyalik transferi uchun 105 mln yevro to‘laydi.

Ronaldu «Real» tarkibiga 2009 yilda kelib qo‘shilgan edi. Bu vaqt davomida u 439 ta o‘yinda 451 ta gol urib, «Qirollik klubi» tarixidagi eng «bombardir» o‘yinchiga aylandi. «Real» tarkibida portugaliyalik futbolchi to‘rt marta Chempionlar ligasi kubogi sohibiga aylandi.