QHTBT — qonunchilik hujjatlari ta’sirini baholash tizimi portalida Vazirlar Mahkamasining «Oziq-ovqat tovarlari bozorlarida turg‘un savdo shoxobchalari va savdo joylarini taqsimlashni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Hujjatda Toshkentdagi oziq-ovqat bozorlarida turg‘un savdo shoxobchalarini «Elektron onlayn-auksionlarni tashkillashtirish markazi» DUK tomonidan tashkil qilinadigan «E-IJRO AUKSION» onlayn-auksionlar orqali ijaraga berish taklif etilmoqda.

Loyihani amalga tatbiq etish orqali quyidagilar rejalashtirilmoqda:

  • 2019 yil 1 apreldan boshlab Toshkent shahridagi oziq-ovqat bozorlarida turg‘un savdo shoxobchalari onlayn-auksionlar orqali ijaraga beriladi;
  • 2019 yil 15 iyulga qadar muddatda elektron savdo maydoni imkoniyatlari va funksiyalari tajriba sinovidan o‘tkaziladi;

Ushbu tizimning butun respublika bo‘ylab joriy qilinishi 2019 yil 1 avgustdan keyinga mo‘ljallangan.

O‘z navbatida oziq-ovqat bozorlarida turg‘un savdo shoxobchalarini ijaraga berish bo‘yicha elektron maydonni ishlab chiqish va joriy qilish «Yo‘l xaritasi"ni tasdiqlash taklif etilmoqda.