2018 yil iyun oyida O‘zbekistonda birinchi iste’mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari umumiy darajasida pasayish kuzatilgani qayd etildi. Oy davomida tovarlar narxi o‘rtacha 0,6 foizga pasaygan bo‘lsa, xizmatlar esa aksincha, 0,3 foizga qimmatlashgan. Deflyatsiya (inflatsiyaga qarama-qarshi jarayon) darajasi 0,4 foizni tashkil etdi, deyiladi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotida.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oy davomida o‘rtacha 1,8 foizga arzonlashdi. Meva va sabzavot mahsulotlari narxlarining pasayishi, jumladan, tuxum, shakar, yog‘ va moy mahsulotlarining arzonlashgani umumiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari darajasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatib, umumiy INIning 1,5 foiz darajasida pasayishiga olib keldi. Shular bilan bir qatorda go‘sht, non, alkagol va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining qimmatlashishi umumiy INIning ko‘tarilishiga yordamlashdi.

Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga kiruvchi tovarlar narxlari orasida qimmatlashish borasidagi yetakchilik yorma va dukkaklilarga (o‘sish 15,3 foiz), pasayish bo‘yicha esa kartoshka hamda sabzavot mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi (pasayish mos ravishda 38,9 foiz va 29,1 foiz).

Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari qimmatlash 0,8 foizga qimmatlashdi. Avtomobillar uchun yoqilg‘i hamda qurilish materiallaridan tashqari ushbu guruhning asosiy turdagi mahsulotlari narxlari orasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmadi.

Aholi uchun avtomobillarga gaz to‘ldirish shahobchalari orqali sotilayotgan propan narxining qimmatlashishi asosiy turdagi nooziq-ovqat mahsulotlar guruhi indeksining ko‘tarilishida asosiy ta’sir omili sifatida qayd etilgan. Respublika bo‘yicha oy davomida ushbu mahsulotning narxi o‘rtacha 63,3 foizga qimmatlashdi. Birjadagi kotirovka narxlari hamda yoqilg‘i-moylash materiallari bozorida shakllanayotgan holatlar propan narxlari darajasining sezilarli darajada qimmatlashishiga o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

Qurilish materiallari narxlari oy davomida o‘rtacha 1,5 foizga qimmatlashdi. Sement va gulqog‘ozning narxi boshqa mahsulotlarga nisbatan sezilarli darajada qimmatlashdi.

Iyun oyi davomida aholi uchun xizmatlar tariflari narxlarida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmadi va bor yo‘g‘i 0,3 foizlik o‘sish holati qayd etildi. Narx tariflarining nisbatan barqaror sur’atlarda oshib borishi qatorida yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari narxi o‘rtacha 1,4 foiz va maishiy turdagi xizmatlar esa 0,4 foizga qimmatlashdi.

Qashqadaryo viloyati hokimining qarori asosida joriy yilning iyun oyidan boshlab hudud bo‘yicha shahar avtobus transportida yo‘l xaqi 66,7 foizga oshirildi. Xorazm viloyati xokimining qaroriga asosan viloyat bo‘yicha shahar avtobus transporti xizmatlari 42,9 foiz hamda yo‘nalishli taksi xizmatlari narxi 11,1 foizga ko‘tarildi. Shuningdek, Farg‘ona viloyati hududida ham yo‘nalishli taksi xizmatlari o‘rtacha 9,4 foizga qimmatlashgan.

Yo‘l xarajati hujjatlari narxining yuqorilashi va Shveysariya frankining so‘mga nisbatan biroz oshishi hisobiga temir yo‘l transporti xizmatlari narxlari biroz ko‘tarildi. O‘zbekiston milliy valyutasi kursining yevroga nisbatan mustahkamlanishi natijasida «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK chiptalari narxlari birmuncha arzonlashdi.