O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni Turkmaniston Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, davlat rahbari suhbat avvalida Turkmaniston Prezidentini tug‘ilgan kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va yangi zafarlar tiladi.

Suhbat chog‘ida savdo, ishlab chiqarish kooperatsiyasi, energetika sohalari, samarali transport va tranzit kommunikatsiyalarini rivojlantirish, shuningdek, madaniy-gumanitar yo‘nalish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Turkmaniston prezidenti samimiy tabrik va tilaklar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi hamda O‘zbekiston prezidentini joriy yil avgust oyida Ashxobodda bo‘lib o‘tadigan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlarining sammitida ishtirok etishga taklif qildi.