«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi dekabrda ikkita Airbus A320 Neo, 2019 yilning ikkinchi yarmida esa ikkita yangi Boeing 787 Dreamliner samolyotlarini sotib oladi, deya xabar qildi aviatashuvchi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. Aviapark Rivojlanish strategiyasi hamda aviaparklarni modernizatsiya qilish dasturiga muvofiq to‘ldirilmoqda.

O‘z segmentidagi eng zamonaviy A320 Neo samolyotlari ikki klassli komponovkada (150 o‘rindiq: 12 ta biznes va 138 ta ekonomklassda) buyurtma qilingan. Yangi samolyotlar dvigatellarning yoqilg‘i tejamkorligi va fyuzelyaj konstruksiyasidagi zamonaviy ishlanmalar tufayli oldingilaridan nisbatan 20 foizga tejamkor bo‘ladi. Ularning parvoz masofasi 4,5 ming kilometrdan 6 mingdan ortiq kilometrgacha uzaytirilgani butun Markaziy Yevropa bo‘ylab qatnovlarni qoplash imkonini beradi.

Ayni paytda MAK uchta Boeing 787 Dreamliner samolyotidan foydalanmoqda. Kelgusi yil ikkita, 2020 yil boshida oltinchi «Orzudagi layner"ni xarid qilgan O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasi mazkur turdagi samolyotdan foydalanish bo‘yicha MDHda yetakchiga aylanadi.

Bugungi kunda «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviaparki Boeing 757/767, Boeing 787−8 Dreamliner, A320, hamda Boeing 767−300BCF yuk kemalaridan tarkib topgan.