Samarqandda barcha qurilish ishlari to‘xtatildi. Bu haqda shanba kuni Samarqand hokimi Furqat Rahimov shahar ma’muriyatida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Hokim so‘nggi vaqtlarda OAVda tarixiy moddiy yodgorliklarga beqiyos ziyon yetkazayotgan qurilish ishlari bo‘yicha tanqidiy materiallar chop etilganini ta’kidlab o‘tdi.

Furqat Rahimov qurilish ishlarining salbiy oqibatlaridan qochish va YUNESKO himoyasi ostidagi tarixiy yodgorliklarni saqlab qolish uchun shaharning yangi bosh rejasiga ehtiyoj borligini tan oldi.

Samarqandning eng kamida 2035 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasini ishlab chiqishi lozim bo‘lgan ishchi guruh tuzildi. Kelgusida barcha ishlar bosh reja asosida olib boriladi, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti vakili ma’lumotlariga ko‘ra, shaharning amaldagi bosh rejasi 1990−2005 yillarda dolzarb bo‘lgan.

Bundan avvalroq esa O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov shaharning qurilish ishlari olib borilgan tarixiy qismiga tashrif buyurib, vaziyatni o‘rgandi. U har qanday qurilish va obodonlashtirish ishlarini olib borishda qonunchilik va xalqaro hujjatlar asosida olib borilishini ta’minlashni topshirdi.