«Toshkent seni yaxshi ko‘radi» onlayn platformasi poytaxtni obodonlashtirish bo‘yicha g‘oyalar izlash va Toshkent aholisining takliflarini yig‘ish maqsadida ish boshladi. Takliflar 31 avgustga qadar qabul qilinadi, deya «Gazeta.uz"ga xabar berdi KB Strelka rasmiylari.

Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev shahar aholisini poytaxtni o‘zgartirishda qatnashishga chaqirdi:

«Men sizlar Toshkentning o‘zgarishida hammuallif bo‘lishga chaqiraman va shaharda sizga aynan nima yetishmayotganini aytishingizni istayman.Sizga qanday bog‘ kerak va siz u yerda nima qilishni istaysiz? Qanday bekatda transport kutishni xohlaysiz? Shaharning ko‘chalari va shohko‘chalari qanday bo‘lishi kerak? Avtoturargohlarni nima qilish kerak? Siz fikringizni bildiring, Toshkent tinglaydi».

«Toshkent seni yaxshi ko‘radi» platformasida istovchilar o‘z g‘oyalarini bildirishlari yoki aniq manzildagi muammoni bildirishlari mumkin. Shaharliklarning katta qismini muhokamaga jalb etish uchun yoqqan takliflarga ovoz berish, izoh yozish va ularni ijtimoiy tarmoq orqali ulashish mumkin. Onlayn muhokama offlayn kraudsorsing bilan to‘ldiriladi: toshkentliklar uchun «Strelka» instituti tashkillashtiradigan uchrashuvlarda shahar loyihasi bo‘yicha bahslar o‘tkaziladi va g‘oyalar yig‘ish davom etadi.

Muhokamalarning faol bosqichi yakunlangandan so‘ng, kraudsorsing platformasi shaharda axborot bazasi va loyihalarning o‘ziga xos kutubxonasi sifatida faoliyat yuritishda davom etadi.

Kraudsorsingning vazifasi — shahar atrof-muhitini rivojlantirishda kerakli qarorga kelish uchun g‘oyalarni yig‘ish, shaharliklarning taklif va tajribalarini o‘rganishdir. Ushbu vosita yordamida aholining shaharni yanada rivojlanishiga ta’sir o‘tkazishlari, muqobil takliflarni bildirish va o‘z tashabbuslarini amalga oshirish imkoniyati mavjud.

Kraudsorsing lokal biznes vakillariga odamlarga kerak bo‘lgan narsalarni va xizmatlarning talablarini tushunish imkonini beradi. KB Strelka tomonidan bildirilgan fikrga ko‘ra, muhokama qilinayotgan loyihalar chuqur o‘ylana boshlaydi, bu esa shahar qurilishidan kelishmovchiliklardan qochish imkonini beradi va barcha manfaatdorlarning loyihaga bo‘lgan ishonchini oshiradi.

Rossiyada kraudsorsing bir necha yillardan beri keng miqyosdagi loyihalarni qo‘llab kelyapti. 2013 yilda KB Strelka mutaxassislari «Moskva nima xohlaydi?» nomli kraudsorsing platformasini chiqarishgan edi. 2017 yilda Rossiyaning ko‘plab shaharlarini rivojlantirish dasturi doirasida aynan shu platforma uch oyda 225 shahardan 15 ming taklif yiqqan edi.

Toshkent shahrining atrof-muhitini yaxshilash bo‘yicha loyihaning asosiy hududi Amir Temur shohko‘chasi bo‘ladi. Bu yerda transport chizmasi optimallashtiriladi, velosiped yo‘li paydo bo‘ladi, xavfsiz piyodalar yo‘lagi va maxsus avtoturargohlar quriladi. Tabiiy qulaylikni yaratish uchun qo‘shimcha ravishda 400 ta daraxt ekiladi, ko‘chalarda va bir qator chorrahalarda pergollar paydo bo‘ladi, jamoat transporti uchun qulay bekat, kafelarning yozgi terrasasi tashkil etiladi. Loyiha yil oxiriga qadar amalga tatbiq etiladi.