Rossiyada o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionatining guruh bosqichida ilk sensatsiya yuz berdi — amaldagi jahon chempioni Germaniya terma jamoasi Meksikaga mag‘lub bo‘ldi.

Butun o‘yin davomida Germaniyaning ustunligi sezilib turdi. Nemislar qanotlardan ham, markazdan ham tinimsiz hujum uyushtirgan bo‘lishiga qaramay, yakunda hatto durang natijaga ham erisha olmadilar.

O‘yinning 35-daqiqasida Losano qanotdan uzatilgan to‘pni darvozaga aniq yo‘llab, hisobni ochdi. Biroq ko‘pchilik germaniyaliklarning vaziyatni o‘nglashiga ishongandi. Amalda esa buning aksi bo‘ldi.

Ta’kidlash o‘rinli, Meksika darvozaboni Ochoa ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. Bir necha bor xavfli zarbalarni qaytarib, jamoasining g‘alabasiga salmoqli hissa qo‘shdi.
Oldinda yana ikkita o‘yin borligini inobatga olsak, Germaniyada vaziyatni o‘nglash imkoni bor.

Germaniya — Meksika 0:1 (0:1, 0:0)

Gol: 0:1 — 35 Losano.

Germaniya — Noyer, Kimmix, Boateng, Hummels, Plattenxardt (Gomes, 79), Xedira (Roys, 60), Kroos, Myuller, O‘zil, Draksler, Verner (Brandt, 86).

Meksika — Ochoa, Salsedo, Ayyala, Moreno, Galyardo, Errera, Guardado (Markes, 74), Layyun, Vela (Alvares, 58), Losano (Ximenes, 66), Ernandes.

Ogohlantirishlar: Moreno (40), Myuller (83), Xummels (84), Errera (90).