«Real"ning sobiq bosh murabbiyi, Fransiya terma jamoasi safida jahon va Yevropa chempioni bo‘lgan Zinedin Zidan hozircha terma jamoani boshqarish niyati yo‘qligini bildirdi, deya xabar berdi sports.ru.

«Hozir eng muhimi Fransiya terma jamoasini jahon chempionatida qo‘llab-quvvatlashdir. Men milliy terma jamoani boshqarish haqida hali o‘ylaganimcha yo‘q.

Ayni paytda dam olish va o‘zimga kelib olish uchun tanaffus oldim. Fransiya termasi uchun muxlislik qilaman. Jamoa ikkinchi bor jahon chempioni nomini qo‘lga kiritishini istayman", — dedi Zidan.

Hozirgi kunda Fransiya terma jamoasini Zidanning 1998 yilda jahon chempioni bo‘lgan jamoadagi sobiq sherigi Dide Desham boshqarib kelmoqda.

Fransiya futbol federatsiyasining prezidenti Noel Le Gre Zidanning terma jamoa bosh murabbiyligiga tayinlanishi mumkinligini inkor qilgani yo‘q. Faqat bu ish 2020 yildan oldin sodir bo‘lmaydi. Aynan o‘sha paytga borib Deshamning shartnomasi yakunlanadi.