O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 iyun kuni Sindaoda (Xitoy) Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Kuzda (taxminan oktyabrda) Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda. Toshkentda birinchi O‘zbekiston va Rossiya hududlararo forum o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Prezidentlar mazkur tadbirlarni muhokama qildi. Bundan tashqari, mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

So‘nggi bir yilda ikki davlat o‘rtasida 70 ta delegatsiya tashrifi amalga oshirildi, 21 marta hududlararo uchrashuvlar o‘tkazildi. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 40 foizdan ziyod o‘sgan. «Hali oldinda yana yirik loyihalarimiz ko‘p», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«O‘tgan yili Rossiyaga tashrifingizdan keyin hammasi ijobiy tomonga o‘zgardi. Sizning tashabbusingiz bilan chegaralardan o‘tishda „yashil yo‘lak“ tashkil etilgani natijasida O‘zbekiston meva-sabzavotlarini yetkazib berish qariyb 36 foiz oshdi. Rossiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda», — dedi Vladimir Putin.