Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi saytida daraxt va butalarni kesishga berilgan xulosalar ro‘yxati ish boshladi.

Ro‘yxat saytning Xulosalar ro`yxati — Daraxt va butalarni kesishga bo‘limida e’lon qilinib, hozircha faqat Toshkent va Toshkent viloyati hududini qamrab olgan.

Ro‘yxatda xulosa raqami va sanasi, yuridik yoki jismoniy shaxs ism-sharifi, ko‘chasi, bayonnomaning qisqacha mazmuni, daraxtlar soni va turi, qabul qilingan qaror va to‘lov turi o‘rin olgan. Ro‘yxatda 2018 yil 4 iyun holatida 216 ta ruxsatnoma berilgan.

Bayonnomaga ko‘ra, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida Milliy gvardiya harbiy-texnika instituti hududida qurilish va rekonstruksiya ishlari munosabati bilan 47 tup sog‘lom (to‘lov miqdori — 44,7 mln so‘m) va 170 tup qurigan daraxt (bepul) kesilishiga ruxsat berilgan.

Davlat ekologiya qo‘mitasidan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, ro‘yxat iyun oxiriga qadar to‘laqonli ishga tushirilishi lozim.

Avvalroq yanvardan aprelgacha davlat ekologiya qo‘mitasiga jismoniy shaxslardan daraxtlarning noqonuniy kesilishi haqidagi qariyb 580 murojaat kelib tushgani xabar qilingan edi. 2000 dan ortiq huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lib, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori 1 mlrd so‘mdan ziyodroqni tashkil etadi.