27−31 may kunlari Toshkentda ilk bor Yosh yetakchilar xalqaro konferensiyasi o‘tkaziladi. Forum Germaniyaning Global Bridges e.V. jamoat tashkiloti tomonidan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda O‘zbekistonning Berlindagi va Germaniyaning Toshkentdagi elchixonalari ko‘magida tashkil etilmoqda.

Global Bridges e.V. siyosat, iqtisodiyot, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va ommaviy axborot vositalari sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan 25−35 yoshgacha bo‘lgan yosh va istiqbolli liderlar o‘rtasida aloqalarni shakllantirish va qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan forum va simpoziumlar, anjumanlarni o‘tkazadi.

An’anaviy konferensiyadan ko‘zlangan maqsad — dolzarb mintaqaviy va xalqaro siyosat mavzulari bo‘yicha yuqori malakali va kuchli motivatsiyaga ega yoshlar o‘rtasida fikr almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish hamda turli davlatlardan kelgan ishtirokchilar orasidagi aloqalarni mustahkamlashdan iborat.

Yosh yetakchilarning XVII konferensiyasida Germaniya, O‘zbekiston, Avstriya, Argentina, AQSH, Buyuk Britaniya, Vengriya, Gretsiya, Niderlandiya, Rossiya, Serbiya, Fransiya, Xitoy va Estoniyadan 40 nafarga yaqin vakil ishtirok etadi, deya xabar qildi O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi «Gazeta.uz"ga.