Mirzo Ulugbek Innovation Center (MUIC) innovatsion markazi direktori Farhod Ibragimov IT-mutaxassislarga oliy ta’lim shartligi haqidagi stereotiplar ortidan chopmaslikka chaqirdi.

Seshanba kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining #MITCROADMAP2018 konferensiyasida so‘zga chiqqan Farhod Ibragimov O‘zbekiston OTMlarini har yili 5000 nafarga yaqin IT-mutaxassis tamomlamoqda va bu yetarli emas. Uning ustiga har yili 600 mingdan ziyod yoshlar kvotalar cheklangani sababli OTMlarga kira olmayapti.

«Biz aynan mazkur maqsadli auditoriya bilan ko‘proq ishlashni maqsad qilganmiz. Afsuski, bizning yoshlar hamda ularning ota-onalari haligacha diplom kerakligi haqidagi stereotiplar bilan cheklanib qolmoqda. IT-mutaxassis bo‘lish va yaxshigina pul ishlash uchun oliy ta’limni olish shart emasligini bilsa, ularning qancha qismi — aqlli va iqtidorlilari — rejalarini o‘zgartirgan bo‘lar edi?» — deya savol berdi MUIC rahbari.

Farhod Ibragimov MUIC rezidentlariga berilayotgan imtiyozlar davlat byudjetiga tushumlarni kamaytirayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rezident kompaniyalar ko‘proq xodimlarni rasman ishga olayotgani sababli norezident kompaniyalarga qaraganda ko‘proq davlat byudjetiga soliqlarni to‘lashmoqda.

Hozirda 319 ta kompaniya MUIC rezidenti hisoblanib, ularda 4500 xodim ishlamoqda. 2017 yilda ular 22 mln dollarlik xizmatlarni ko‘rsatib, 1,5 mln dollardan ziyod xizmat va mahsulotlarni eksport qildi. 2021 yilgacha bu ko‘rsatkichni 30 mln dollardan oshirish rejalashtirilmoqda.

Farhod Ibragimov MUIC qoshidagi yangi Blokcheyn texnologiyalar bo‘yicha kompetensiya markazi faoliyati haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

«Mazkur texnologiyalar davlat xizmatlari transparentligini oshirish, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi masalasini hal etish va davlat xizmatlarini taqdim etishda korrupsiya holatlarini qisqartirishga imkon tug‘diradi. Loyiha markaz rezidentlari tomonidan texnik jihatdan amalga oshirilishi kutilmoqda», — deya tushuntirdi u.