16 may kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida sel oqimi besh kishining o‘limiga sabab bo‘ldi, deya xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.
Fojia «Sariqqamish» qishloq fuqarolar yig‘ini Mirzato‘q aholi punktida sodir bo‘ldi. Sel oqimi kuchli yog‘ingarchiliklar sababli vujudga keldi.

Surunkali yog‘ingarchiliklar avvalroq xuddi shu viloyatning Kitob tumani «Jillisuv» aholi punktida ham sel kelishi va to‘rtta xo‘jalikning suv ostida qolishiga sabab bo‘lgan edi. FVV ushbu hodisada hech kim halok bo‘lmagani va jabrlanmaganini ma’lum qildi.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ko‘cha va ariqlar, shuningdek ichki irrigatsiya tizimlarini tozalash ishlarini amalga oshirdi.

O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, 17−18 may kunlari O‘zbekistonning tog‘ va tog‘oldi hududlarida kuchli yog‘ingarchiliklar bo‘lishi va sel kelishi xavfi saqlanib qoladi.