15 may kuni Jizzakh Petroleum korxonasi va Amerikaning Honeywell UOP kompaniyasi Jizzax viloyatida neftni qayta ishlash majmuasi qurilishi bo‘yicha litsenzion va muhandislik bitimini imzoladi, deya xabar qildi Vashingtondagi matbuot markazi va «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati. Imzolash marosimi O‘zbekiston prezidentining AQSHga rasmiy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Jizzakh Petroleum tomonidan bosh direktor Muzaffar Qambarov, Honeywell UOP tomonidan bosh ijrochi direktor Rebekka Libert hujjatlarga imzo qo‘ydi.

Bitim Jizzax neftni qayta ishlash majmuasi qurilishi jarayoniga Honeywell UOP texnologiyalarini jalb etishni ko‘zda tutadi.

Qayd etilishicha, majmua yiliga 5 mln tonna neftni qayta ishlab, yuqori sifatli neft mahsulotlarini ishlab chiqaradi.

Qiymati 2,2 mlrd dollarni tashkil etuvchi Jizzakh Petroleum qurilishi 2017 yil aprelida boshlangan. Ob’ektning 2021 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.