General Electric va «O‘zbekenergo» O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga rasmiy tashrifi doirasida energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha bitimni imzoladi. Bu haqda GE vakili «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Tomonlar Toshkent IESda GE H-sinfiga mansub gaz turbinasi bazasida quvvati 600 MVtdan yuqoriroq bo‘lgan yangi bug‘-gaz blokini qurish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishdi. Amerika kompaniyasi vakili ma’lumotlariga ko‘ra, H-sinfi GE`ning eng kuchli bloklaridan bo‘lib, dunyoda ham eng yuqori samaradorlikka ega turbinalardan hisoblanadi. Jumladan, 2018 yilda Nagoyadagi (Yaponiya) bug‘-gaz qurilmasi foydali ish koeffitsiyenti bo‘yicha 63,08 foizlik natija bilan Ginnesning Rekordlar kitobiga kiritildi.

Bundan tashqari, GE va «O‘zbekenergo» O‘zbekistonning yangi ko‘mirli energobloklari uchun bug‘ kuchi generatsiyasida yuqori samaradorlikka ega texnologiyalarni qo‘llash istiqbollarini tahlil qiluvchi ishchi guruh shakllantirishga kelishib oldi. Kompaniya vakilining qayd etishicha, GE texnologiyalaridan foydalanish ko‘mirni yanada samarali yoqish hamda atmosferaga gazlarni chiqarishning xalqaro talablariga rioya etish hisobiga energobloklar operatsion ko‘rsatkichlarini oshirishi mumkin.

GE Toshkent IESda quvvati 370 MVt bo‘lgan bug‘-gaz bloki uchun uskunalarni yetkazib beruvchi asosiy hamkorlardan biri. Ayni paytda GE kompaniyasi Hyundai Engineering bilan birgalikda Taxiatosh IESda quvvati 230−280 MVt bo‘lgan ikkita bug‘-gaz bloki qurilishida ishtirok etmoqda.