O‘zbekiston mamlakatga ko‘proq nemis investitsiyalarini jalb etish uchun Germaniya kompaniyalariga Toshkentda maxsus sanoat zonasini tashkil etishni taklif qildi. Taklif seshanba kuni bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan to‘rtinchi O‘zbekiston-Germaniya ishbilarmonlik kengashi yig‘ilishida ilgari surildi.

Ayni paytda ikki davlat hamkorligi tarixidagi eng yirik nemis ishbilarmon doirasi vakillari delegatsiyasi Toshkentda tashrif bilan bo‘lib turibdi. Undan Germaniyaning yirik kompaniyalari, kichik va o‘rta biznes hamda banklarining 70 nafardan ortiq vakillari o‘rin olgan.

«Toshkentda maxsus nemis sanoat zonasini tashkil etishni taklif qilamiz… Biz ushbu zonani nemis kompaniyalaridan biriga boshqarish uchun topshirishga tayyormiz», — dedi hukumat rahbari. Sanoat zonasini 16 gektardan ziyodroq maydonga ega sobiq «Algoritm» zavodida tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Abdulla Aripov O‘zbekiston respublikaning boshqa hududlarida, jumladan investorlar uzoq muddat soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan 14 ta erkin iqtisodiy zona hamda investorlar sarmoya kiritish va yangi ish o‘rinlarini ochish sharti bilan bepul ishlab chiqarish maydonlariga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan 80 dan ortiq kichik sanoat zonalari doirasida nemis kompaniyalari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini qo‘shimcha qildi.

Bundan tashqari, germaniyalik hamkorlarga Toshkentda nemis kompaniyalarining O‘zbekistondagi manfaatlarini himoya qiluvchi Germaniya-O‘zbekiston tashqi savdo palatasini tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilindi.

50 dan ortiq nemis kompaniyalari va banklari tomonidan ta’sis etilgan O‘zbekiston-Germaniya ishbilarmonlik kengashining birinchi yig‘ilishi 2015 yil fevralida Berlinda bo‘lib o‘tgan edi.

2017 yilda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi 32,5 foizga o‘sib, 600 mln dollarga yetdi.